O‘pka exinokokkozini jarrohlik yo‘li bilan davolash evolyutsiyasi: 30 yillik klinik tajriba tahlili
Keywords:
o‘pka exinokokkozi, exinokokkektomiya, videoassist exinokokkektomiya, albendazolAbstract
Toshkent davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasida 30 yillik davr mobaynida o‘pka exinokokkozini kompleks jarrohlik davolash natijalari baholandi va jarrohlik taktikasining evolyutsiyasi tahlil qilindi. Buning uchun o‘pka exinokokkozi bilan kasallangan 1886 nafar bemorni tekshirish va davolash natijalari retrospektiv tahlil qilindi.
Jarrohlik taktikasi va davolash natijalaridagi o‘zgarishlarni baholash maqsadida kuzatuv davri shartli ravishda uch bosqichga ajratildi: I davr (1993–2004 yy.), II davr (2004–2014 yy.) va III davr (2014–2025 yy.). Jarrohlik amaliyotlari tuzilmasi, asoratlar chastotasi, kasallik qaytalanishi va videoassist texnologiyalar samaradorligi baholandi.
Miniinvaziv texnologiyalarni joriy etish hamda albendazol bilan majburiy perioperatsion kimyoterapiya o‘tkazish o‘pka exinokokkozi qaytalanish chastotasini 4,2% dan 1,2% gacha kamaytirishga imkon berdi. Qoldiq bo‘shliq asoratlari va segmentar pnevmoskleroz rivojlanishi bilan bog‘liq qayta operatsiyalar chastotasi 5,9% dan 0,9% gacha kamaydi. Videoassist amaliyotlar uchun bemorlarni tanlash mezonlari ishlab chiqildi va chuqur qoldiq bo‘shliqlarni bartaraf etish uchun original kapitonaj usuli taklif qilindi.