Traxeya stenozini rekonstruktiv-plastik usullar qo‘llagan holda davolash bo‘yicha bizning tajribamiz
Keywords:
traxeya stenozi, teri-mushak plastikasi, traxeya rekonstruksiyasi, chandiqli stenozAbstract
Mazkur maqolada traxeya stenozini davolashda rekonstruktiv-plastik jarrohlik usullaridan biri bo‘lgan teri-mushak plastikasi qo‘llanishining klinik natijalari tahlil qilingan. Tadqiqot 2017–2023-yillar davomida V.V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida davolangan 84 nafar bemor ma’lumotlari asosida retrospektiv tarzda o‘tkazilgan. Tadqiqot davomida bemorlarning demografik ko‘rsatkichlari, stenoz etiologiyasi, patologik o‘zgarishlarning morfologik shakllari, bajarilgan jarrohlik amaliyotlari hajmi va operatsiyadan keyingi asoratlar o‘rganildi.
Natijalarga ko‘ra, traxeya stenozining asosiy sababi operatsiyadan keyingi chandiqli o‘zgarishlar ekani aniqlangan. Barcha bemorlarda teri-mushak plastikasi bajarilib, aksariyat hollarda traxeya o‘tkazuvchanligi tiklangan va nafas funksiyasi barqarorlashgan. Operatsiyadan keyingi asoratlar nisbatan kam kuzatilgan bo‘lib, ular asosan choklar yetishmovchiligi bilan namoyon bo‘lgan.
Olingan ma’lumotlar teri-mushak plastikasi traxeya stenozini davolashda samarali va xavfsiz rekonstruktiv usul ekanligini ko‘rsatadi. Ushbu usul ayniqsa operatsiyadan keyingi chandiqli stenozlar hamda traxeya va bo‘yin yumshoq to‘qimalarining kombinatsiyalangan nuqsonlarida yuqori klinik ahamiyatga ega.